- Bosh sahifa
- Yangiliklar
13.08.2026
O‘zbekiston Ijtimoiy himoya agentligi rahbari ADM Jizzakh’ning inklyuziv muhitini yuqori baholadi
ADM Jizzakh ishlab chiqarishda inklyuzivlikni rivojlantirish va imkoniyati cheklangan insonlarni mehnat jarayoniga jalb etishni davom ettirmoqda. Kuni kecha korxonaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, davlat rahbari maslahatchisi Mansurbek Ollayorov tashrif buyurdi. Agentlik rahbari sexlarda nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish o‘rinlari qanday tashkil etilganini o‘rganib, korxona xodimlari bilan shaxsan muloqot qildi.
Bugungi kunda ADM Jizzakh’da 18 nafar imkoniyati cheklangan, jumladan, ko‘rish va tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan shaxslar ish bilan ta’minlangan. Ular korxonaning to‘qqizta bo‘linmasida – xo‘jalik xizmatidan tortib ishlab chiqarish sexlarigacha mehnat qilib, yig‘ish, sifat nazorati va hatto payvandlash ishlarida ishtirok etadilar.
Nogironligi bo‘lgan xodimlarning aksariyati yig‘ish sexida ishlaydi. Bu yerda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi 8 nafar xodim kuniga 35 xilgacha detal ishlab chiqarmoqda. Ular oddiy va takrorlanuvchi operatsiyalarni bajaradilar, masalan, kuzov uchun mahkamlash elementlarini yig‘adi. Ish joylari barcha zarur uskunalar, shuningdek, ovozli ogohlantirish datchiklari bilan jihozlangan. Bu qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlaydi.
Mansurbek Ollayorov ADM Jizzakh kompaniyasining inklyuziv ish muhitini yaratishga bo‘lgan yondashuvi va e’tiborini yuqori baholadi hamda ushbu tajribani mamlakatning boshqa sanoat korxonalarida ham tatbiq etish lozimligini ta’kidladi.
“ADM Jizzakh ish boshlaganidan beri biz nafaqat ishlab chiqarishda, balki xodimlar bilan ishlashda ham innovatsiyalarga e’tibor qaratdik. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaratish shunchaki biznesning ijtimoiy mas’uliyati emas, balki xoldingning korporativ madaniyati va barqaror rivojlanish strategiyasining bir qismidir. Ishonchimiz komilki, har bir inson o‘z kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak va bizning vazifamiz buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir”, – dedi ADM Global bosh direktori Daniyar Davletiyarov.