22.07.2026

ADM Jizzakh avtokomponentlar yetkazib beruvchilari uchun Ochiq eshiklar kunlarini o‘tkazdi.

ADM Jizzakh avtokomponentlar yetkazib beruvchilari uchun Ochiq eshiklar kunlarini o‘tkazdi. 14–15-iyul kunlari ADM Jizzakh zavodi hududida O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan amaldagi va bo‘lajak yetkazib beruvchilari, shuningdek, xorijiy hamkorlarini birlashtirgan Ochiq eshiklar kunlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir hamkorlik yakunlarini sarhisob qilish, yangi ishlab chiqarish loyihalarini muhokama qilish hamda mamlakat avtomobil sanoatida mahalliylashtirishni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilash uchun maxsus maydonga aylandi.

Tadbirning birinchi kuni ADM Jizzakh’ning amaldagi mahalliy yetkazib beruvchilari bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar 2026-yilning birinchi yarim yilligidagi hamkorlikdagi ish yakunlarini sarhisob qilishdi, amalga oshirilgan loyihalar natijalarini ko‘rib chiqishdi va yaqin istiqbolda ishga tushirilishi rejalashtirilgan tashabbuslarni muhokama qilishdi.



Ikkinchi kuni zavodga O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan avtomobil komponentlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari, shuningdek, xorijiy hamkorlar tashrif buyurishdi. Ishbilarmonlik uchrashuvlari doirasida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, yetkazib beruvchilarga qo‘yiladigan talablar va ADM Jizzakh’ning yangi loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Avtomobil komponentlarini mahalliylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish avtomobil sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mahalliy ishlab chiqarilgan komponentlar ulushining oshishi ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, korxonalar salohiyatlarini rivojlantirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida, shuningdek, Kia K3 va Kia Sonet avtomobillari uchun lokalizatsiya qilingan va import komponentlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ekspozitsiyada Kia K3 modeli uchun yillik ishlab chiqarish hajmi 57,47 mln AQSH dollarini tashkil etuvchi 145 dona komponent, shuningdek, Kia Sonet modeli uchun yillik ishlab chiqarish hajmi 24,46 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 593 dona komponent namoyish etildi.

Ochiq eshiklar kunlari ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar o‘rtasida bevosita professional muloqot uchun imkoniyat yaratdi. Ishtirokchilar tajriba almashishdi, o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi hamda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflarni shakllantirishdi.

Bunday tadbirlarning o‘tkazilishi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, bo‘lajak yetkazib beruvchilar doirasini kengaytirish va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. ADM Jizzakh uchun mahalliy ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish mahalliylashtirish darajasini izchil oshirish va mahalliy avtomobil sanoatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan strategik ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Yangilik bilan bo'lishish

Orqaga qaytish