- Bosh sahifa
- Yangiliklar
10.02.2026
ADM va GWM o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kengaymoqda: TANK brendi O‘zbekiston bozoriga kirib kelmoqda
2026-yil 9-fevralda ADM kompaniyalar guruhi va Xitoyning Great Wall Motor (GWM) avtomobil konserni o'rtasida O'zbekiston Respublikasi hududida TANK avtomobil brendini distributsiya qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasi imzolandi. Hujjat O'zbekiston bozorida brendni rivojlantirish, dilerlik va servis xizmat ko'rsatish tarmog'ini shakllantirish, shuningdek, ADM kompaniyalari guruhiga kiruvchi ADM Jizzakh zavodida avtomobillarni mahalliy yig'ishni tashkil etishni belgilaydi.
ADM kompaniyalar guruhi yengil va tijorat avtomobillarini distributsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarish, sotish, kafolatli va kafolatdan keyingi xizmat ko'rsatish, logistika va lizing xizmatlari, shuningdek, asl ehtiyot qismlar va aksessuarlarni sotishga ixtisoslashgan.
TANK brendining O'zbekiston bozoriga kirib kelishi HAVAL brendi distribyutsiyasi doirasida barpo etilgan ADM va GWM o'rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning davomi bo'lib, qisqa muddat ichida barqaror o'sish va iste'molchilar tomonidan yuqori darajadagi talabni namoyish etdi.
GWM TANK - bu SUV segmentidagi innovatsiyalar asosida GWM (Great Wall Motor) tomonidan ishlab chiqilgan yo'ltanlamaslarning premium toifadagi brendi. TANK global professional intellektual yo'ltanlamas platformasidan foydalangan holda va "Qudratli, alohida ajralib turuvchi, erkin" mahsulot ishlab chiqish falsafasiga amal qilgan holda, brend yo'ltanlamaslar segmenti evolyutsiyasida yetakchilik qiladi, foydalanuvchilar intiladigan yorqin va erkin turmush tarzini shakllantiradi va yo'ltanlamaslar bozorida yangi standartlarni belgilab beradi.
GWM (Great Wall Motor) global intellektual texnologiya kompaniyasi hisoblanib, avtomobil qiymatini yaratishning butun zanjirini - dizayn, tadqiqot va ishlanmalardan tortib ishlab chiqarish, sotish va xizmat ko'rsatishgacha qamrab oladi. Kompaniya portfeliga SUV, pikaplar, yangi energiya manbalari asosidagi avtomobillar, mototsikllar, og'ir yuk mashinalari va lyuks toifadagi yo'ltanlamaslar segmentlarida taqdim etilgan GWM HAVAL, GWM WEY, GWM TANK, GWM ORA, GWM POER va GWM SOUO brendlari kiradi.
GWM global tadqiqot va ishlanmalar arxitekturasini yaratgan (Xitoy, Germaniya, Hindiston va Yaponiya), shuningdek, Xitoyda to'liq jarayonli ishlab chiqarish bazalariga, Yevroosiyo, Tailand va Braziliyada to'liq jarayonli xorijiy ishlab chiqarishlarga, shuningdek, Ekvador, Malayziya, Pokiston va boshqa mamlakatlarda bir qator KD-zavodlariga ega. Bugungi kunga kelib, GWM'ning global yalpi sotuvi 16 million avtomobilga yetdi.
O'zbekiston bozorida TANK brendining paydo bo'lishi mamlakat avtomobil sanoatini rivojlantirish uchun qo'shimcha turtki bo'ladi. Loyiha yo'ltanlamaslar segmentida modellar taklifini kengaytirish, raqobatni kuchaytirish va o'zbekiston iste'molchilari uchun zamonaviy, texnologik va premium toifadagi avtomobillarning ommabopligini oshirishga xizmat qiladi.